O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida BMTning Jinoyatchilik va odil sudlov masalalari bo‘yicha mintaqalararo ilmiy-tadqiqot instituti (UNICRI) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda «CONTACT – Markaziy Osiyo» loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Mehmonlarga Akademiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilmasi hamda prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi haqida ma’lumot berildi.
Muhokamada radiologik va yadroviy materiallarning noqonuniy aylanishining oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirishga e’tibor qaratildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida Akademiya va UNICRI vakillari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.