Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga biriktirilgan Angren va Olmaliq shaharlaridagi sakkiz mahallaning yettitasi «qizil» toifadan chiqdi: uchtasi «yashil», to‘rttasi «sariq» toifaga o‘tdi. Bu natija Akademiya va Toshkent viloyati huquqni muhofaza qilish organlarining hamkorlikdagi ilmiy-amaliy ishlari hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yakunida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosi doirasida Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari A. S. Odinaev rahbarligidagi ishchi guruh uch yildan buyon «qizil» toifada bo‘lgan mazkur mahallalarda kompleks o‘rganishlar o‘tkazdi. «Ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili asosida jinoyatchilikning sabab va omillari, huquqbuzarliklarga imkon berayotgan shart-sharoitlar, ijtimoiy-maishiy muammolar hamda profilaktik choralarning qo‘llanilishi tahlil qilindi.
2023–2025-yillarda sodir etilgan 176 ta jinoyat tahlili asosida mahallalar uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ular tashkiliy va kriminologik choralar hamda profilaktika strategiyalarini qamrab olgan qo‘llanmada jamlanib, «mahalla yettiligi» a’zolari va tegishli shtablarga taqdim etildi.
Akademiya tomonidan jami 18 ta uslubiy qo‘llanma va tavsiya tayyorlandi. Ularda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni tahlil qilish, surishtiruv va tergov amaliyoti hamda huquqiy targ‘ibot masalalari yoritildi. Tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlar, kiberjinoyatchilik va onlayn firibgarlikning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy tavsiyalarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha mahalla xodimlari uchun seminar-treninglar va qisqa muddatli malaka oshirish kurslari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlarda nizolarni hal etish, stressni boshqarish va nostandart vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash bo‘yicha amaliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
«Mahalla yettiligi» a’zolarining kasbiy bilimlarini mustahkamlash uchun Quiz bot elektron dasturi va testlar to‘plami, har bir vakilning funksional majburiyatlarini aks ettiruvchi elektron chek-list tayyorlandi. Elektron vositalar viloyat prokuraturalari orqali mahallalarga yuborildi. Kriminogen vaziyatning kundalik tahlili asosida tayyorlanayotgan xulosa va takliflar esa profilaktika choralarini joylarda aniqlangan muammolarga yo‘naltirishda qo‘llanilmoqda.