Ona tiliga hurmat, davlat tilida savodli ish yuritish va so‘z mas’uliyati prokuratura, Departament hamda Byuro organlari xodimlari o‘rtasidagi «Millat ona tili bilan tirikdir!» an’anaviy tanlovida o‘z ifodasini topdi. 2026-yilning sentabr–oktyabr oylarida ikki bosqichda o‘tkazilgan tanlov bu yil oltinchi bor xodimlarning til bilimi, tahliliy fikrlash va nutq mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
2021-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan tanlov xodimlarning nutq madaniyatini yuksaltirish, davlat tilida savodli ish yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlash va ona tiliga sadoqat tuyg‘usini kamol toptirishga qaratilgan. Uning O‘zbek tili bayrami kuni arafasida o‘tkazilishi mazkur maqsadlarga alohida ma’naviy mazmun bag‘ishlaydi.
Tanlovning birinchi bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida, Departament, Byuro, Transport va Harbiy prokuraturalarda o‘tkazildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan xodimlar yakuniy bosqichga yo‘llanma oldilar. Bosh prokuratura mahkamasi xodimlari o‘rtasida ham uch yo‘nalish bo‘yicha birinchi bosqich tanlovi tashkil etildi.
9-oktyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘tkazilgan finalda tizimli-tahliliy ish, savodxonlik hamda she’riyat va notiqlik yo‘nalishlarining har birida 19 nafardan xodim ishtirok etdi.
Tizimli-tahliliy ish yo‘nalishida ishtirokchilar davlat tilini rivojlantirish va muhofaza qilishga oid dolzarb masalalar yuzasidan tayyorlagan ishlarini himoya qildilar. Ularda davlat tili haqidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish, jamoatchilik nazorati va prokuratura organlari hamkorligi, xorijiy tajriba hamda sun’iy intellekt va internet muhitida davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha tahliliy yechimlar va aniq takliflar taqdim etildi.
Ishlar xolis baholash maqsadida shifrlangan holda ko‘rib chiqildi. Qo‘shimcha tahlil vositasi sifatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan ham foydalanildi. Yakuniy baholar va qarorlar Hay’at a’zolarining kasbiy xulosalari asosida qabul qilindi.
Savodxonlik yo‘nalishida finalchilar lotin yozuvida diktant yozdilar. She’riyat va notiqlik yo‘nalishida esa «Vatan», «Mustaqillik», «O‘zbek tili» va «Kasb» mavzulari bo‘yicha she’rlarni yoddan aytib, mazmunini tahlil qildilar hamda nutq so‘zladilar. Bu yil mazkur yo‘nalishda ilk bor notiqlik mahorati ham baholandi.
Ishtirokchilarning ishlari va chiqishlarini davlat tili, adabiyot va filologiya sohalari mutaxassislari, jumladan, shoirlar Salim Ashur va Eshqobil Shukur, shuningdek, Bosh prokuratura hamda Akademiyaning tajribali xodimlaridan iborat Hay’at baholadi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, har bir yo‘nalishda sovrinli o‘rinlar va maxsus nominatsiyalar g‘oliblari aniqlandi. G‘oliblar O‘zbek tili bayrami kuni arafasida taqdirlanadi. Sovrinli o‘rin sohiblariga pul mukofotlari va diplomlar topshiriladi, shuningdek, sovrindorlar hamda maxsus nominatsiyalar g‘oliblari uchun qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari nazarda tutilgan.