O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Jinoyat-protsessual huquqi fanining sud bosqichini o‘rganayotgan tinglovchilar uchun O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston mutaxassislari ishtirokida binar mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar sud majlislarini imitatsiya qilish zalida tashkil etildi.
Ularga Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimi Meder Malikov, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasining Yuridik akademiyasi xodimi Asel Zagibayeva, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi xodimi Rustem Nugmanov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi raisining o‘rinbosari Fotima Ismailova taklif etildi.
Mashg‘ulotlarda jinoyat ishlarini sudda ko‘rishning o‘ziga xos jihatlari, prokurorning suddagi protsessual maqomi va vakolatlari, davlat ayblovini quvvatlash, protsess ishtirokchilarining huquqlarini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, uch mamlakatdagi sud amaliyoti, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati hamda ushbu sohalar uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari qiyosiy tahlil qilindi.
Taklif etilgan mutaxassislar jinoyat-protsessual qonunchilikni amaliyotda qo‘llash, sud jarayonidagi huquqiy vaziyatlarni tahlil qilish va protsessual qarorlar qabul qilish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashib, tushuntirishlar berdilar. Interaktiv format tinglovchilarga nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, xorijiy tajribani qiyosiy o‘rganish va mutaxassislarga bevosita savol berish imkonini yaratdi.