O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasining terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Buyuk Britaniyaga amaliy tashrifi boshlandi. Tashrif doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Salford universiteti mutasaddilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar Akademiya va universitet faoliyati, ta’lim jarayonini tashkil etish hamda kadrlar tayyorlash tajribasi haqida ma’lumot almashdi, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Salford universiteti Katta Manchester hududidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgani inobatga olinib, uning ushbu yo‘nalishdagi tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Akademiya vakillari universitet kampuslari va o‘quv-amaliy infratuzilmasi bilan tanishdi. Xususan, tergov harakatlarini o‘tkazish ko‘nikmalarini shakllantirishga mo‘ljallangan o‘quv poligonlari hamda virtual simulyatsiya dasturlari namoyish etildi. Ularning amaliy mashg‘ulotlarda qo‘llanilishi va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.