O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida “Firibgarlik jinoyatlari, Jinoyat protsessual kodeksining 416, 417-moddalarining qo'llanilishida tergov-sud amaliyotidagi muammolar” mavzusida respublika vebinari o'tkazildi.
Vebinarda Bosh prokuratura xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining sudyalari, O'zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining vakillari, IIV huzuridagi Tergov departamenti rahbariyati, Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilari, shuningdek joylardagi prokuratura organlarining soha bo'yicha xodimlari, jinoyat ishlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman (shahar) sudlarining sudyalari, IIB tergov boshqarmalari bo'lim boshliqlari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir firibgarlik jinoyatlarini tergov qilish va sudda ko'rilishida, Jinoyat protsessual kodeksining 416, 417-moddalarining qo'llanilishida tergov-sud amaliyotidagi muammolar va tizimli kamchiliklarni aniqlash va muhokama qilish hamda ushbu normalarni qo'llashda yagona huquqni qo'llashga erishish borasida tushuntirishlar berish maqsadida tashkil etildi.
Seminar davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan firibgarlik jinoyatlarining salmog'i boshqa jinoyatlarga nisbatan yuqori ekanligi ta'kidlanib, ushbu toifadagi jinoyat ishlarini qo'zg'atish, tergov qilish va sudda ko'rilishida hamda Jinoyat-protsessual kodeksning 416, 417-moddalarini qo'llashda yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilarining ma'ruzalarida aniq misollar asosida tergov-sud amaliyotida yo'l qo'yilgan kamchiliklar xususida tushuntirishlar berib o'tildi.
Joylarda mavjud muammolarni ilgaridan o'rgangan holda, ular yuzasidan muhokamalar o'tkazilgani, vebinar jarayonida tushuntirishlar berilgani ishtirokchilar tomonidan tadbirning amaliy natijadorligi ko'rsatkichi sifatida e'tirof etildi.
Tadbir yakunida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ham bir qator takliflar ilgari surilib, ishtirokchilar qiziqtirgan savollariga javob oldilar va fikr almashdilar.