2020 yil 23 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Akademiya faoliyati bilan tanishish bo'yicha press-tur bo'lib o'tdi.
Tadbirda 20 nafardan ziyod davlat va nodavlat OAV vakillari, blogerlar hamda internet jurnalistika sohasida faoliyat ko'rsatayotgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Press-tur davomida mehmonlar Akademiya kafedralari, bo'lim hamda markazlari faoliyati, shuningdek o'quv jarayoni, ilmiy-tadqiqotlar hamda tahliliy faoliyatning tashkil etilishi bilan atroflicha tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Mass-media vakillariga Akademiya faoliyatiga oid videomateriallar va taqdimotlar namoyish etilib, tegishli broshyura va bukletlar taqdim etildi.
Shuningdek, mehmonlar uchun Akademiya binosi bo'ylab ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida mehmonlar sud protsessi imitatsiyasi xonasi, kriminalistika xonasi va poligoni, elektron tir va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg'ulotlar o'tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalar, shuningdek Akademiya o'quv auditoriyalarini ko'zdan kechirishdi.
Mehmonlarda shuningdek elektron (masofaviy) o'qitish, voqea joyini virtual ko'zdan kechirish, Akademiya multimedia markazining imkoniyatlari qiziqish uyg'otdi.
Tadbir davomida mehmonlar uchun tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo'llash imitatsiyasida, shuningdek maxsus tashkil etilgan tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Press-tur ishtirokchilari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.