Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga o'qishga kirmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun onlayn konsultatsiya o'tkazildi

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga o'qishga kirmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun onlayn konsultatsiya o'tkazildi

Konsultatsiya davomida nomzodlarga kirish imtihonlari, Akademiya magistraturasida o'qish va

ilmiy-tadqiqot ishini olib borishning o'ziga xos xususiyatlari to'g'risida batafsil ma'lumot

berildi.

Akademiya magistraturasida joriy o'quv yilida tahsil olish uchun jami 323 nafar nomzodlar

(shundan tashqi nomzodlar – 220 nafar) hujjat topshirgan bo'lib, ayrim mutaxassisliklar bo'yicha

bitta o'ringa nomzodlar soni 13 nafarni tashkil etadi. Dastlabki bosqichda ichki nomzodlarning

imtihonlarda ishtiroki masalasi prokuratura organlari attestatsiya komissiyalarida ko'rib

chiqildi.

Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan tashkil topadi. Yozma imtihon huquqiy mavzuda

esse va chet tili bo'yicha test savollaridan iborat.

Imtihonni o'tkazishda yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Xususan, mutaxassislik fanlari

bo'yicha yozma imtihonning yanada shaffof va xolis bo'lishi hamda bu borada nomzodlarga teng

imkoniyatlarni yaratish maqsadida nomzodlar orasidan tanlanadigan vakil tomonidan bitta bilet

tanlab olinishi va barcha nomzodlar ushbu biletdagi 4 ta savoldan bittasiga javob yozishi

belgilanmoqda. Ushbu tartib xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida keng

qo'llanilib kelinayotganligi ahamiyatlidir.

Imtihon o'tkaziladigan joyga kirishdan oldin nomzodlarning tana harorati o'lchanib, har bir

nomzod alohida tibbiy qo'lqop va niqob hamda suv bilan ta'minlanadi, ularga kerakli

kantselyariya tovarlari beriladi.

Yozma imtihon o'tkaziladigan vaqt va joy. Chet tili bo'yicha imtihon va huquqiy mavzuda esse 29

avgust kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bog'ishamol ko'chasida joylashgan “Botanika” bog'i

hududidagi yopiq sahna maydonida o'tkaziladi. Imtihon soat 08:00 da boshlanadi. Nomzodlar

imtihon boshlanishidan 30 daqiqa oldin imtihon o'tkaziladigan joyga yetib kelishlari shart.

Kirish imtihonlari o'tkaziladigan kuni kunning birinchi yarmida dastlab chet tili bo'yicha, keyin

esa mutaxassislik fanlari bo'yicha imtihon o'tkaziladi.

Kirish imtihonlarini topshirish uchun nomzodlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan

belgilangan vaqt va joyga kelishlari lozim.

Belgilangan vaqtdan kech qolgan nomzodlar imtihonga kiritilmaydi, shuningdek kelmagan

nomzodlar uchun qo'shimcha imtihon o'tkazilmaydi va bunday nomzodlarga tegishli imtihon uchun “0”

ball qo'yiladi.

Imtihon kuni tana harorati yuqori bo'lgan nomzodlarning imtihonda ishtiroki masalasi tibbiyot

xodimlari xulosasiga binoan hal etiladi.

Imtihon kuni o'quv adabiyoti, lug'at, ma'lumotnoma, jadval, konspekt, yozuv daftari, qog'oz yoki

elektron shakldagi shpargalkalar, normativ-huquqiy hujjatlar, aloqa vositalari, audio, foto

va video yozish qurilmalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ushbu narsalar aniqlangan taqdirda nomzod imtihondan chetlashtiriladi.

Chet tili bo'yicha yozma imtihon 40 ta savoldan iborat bo'lib, 2 qismga bo'linadi:

– 1-bo'lim: o'qish (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1,5 ball beriladi;

– 2-bo'lim: leksik va grammatik kompetentsiyalar (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1

ball beriladi.

Testni bajarish uchun 1 soat 20 daqiqa, javoblarni javob varaqasiga ko'chirish uchun 10 daqiqa,

jami 1 soat 30 daqiqa vaqt ajratiladi.

B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatni taqdim etgan 38

nafar nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.

Yozma imtihonda nomzoddan huquqiy mavzuda 1 ta esse yozish talab etiladi va bunga 2 soat vaqt

ajratiladi. Esse javobi 100 ballik tizimda baholanadi.

Esse natijalariga ko'ra 56 va undan yuqori ball to'plagan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladi.

Suhbat savollari mutaxassislik fanlaridan tuzilgan bo'lib, har bir bilet 8 ta savolni o'z

ichiga oladi, shu bilan birga, nomzodga 3 ta savolga javob berish imkoniyati beriladi. Suhbat

natijalari 100 ballik tizimda baholanadi.

Yozma imtihon va suhbat natijalaridan norozi bo'lgan nomzodlar Akademiya rasmiy veb-saytida

javoblar e'lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni davomida apellyatsiya komissiyasiga

Akademiyaning rasmiy elektron pochtasi info@procademy.uz orqali shikoyat berish huquqiga ega.

Shikoyatlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan ikki ish kuni ichida ko'rib chiqiladi va natijasi

haqida nomzodning elektron pochtasiga xabarnoma yuboriladi.

Imtihon jarayonlari davlat organlari, oliy ta'lim muassasalari, shuningdek nodavlat

notijorat tashkilotlari vakillarining xolis kuzatuvi ostida o'tkaziladi. Butun imtihon

jarayoni OAV va Akademiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali keng

jamoatchilikka yoritib boriladi.