Magistratura

Magistratura

Bosh prokuratura Akademiyasining prokuratura organlari xodimlari hisoblanmagan magistratura tinglovchilariga qonunchilikda belgilangan tartibga asosan stipendiya to'lash nazarda tutilgan. Prokuratura organlari xodimlari hisoblangan magistratura tinglovchilarining egallab turgan lavozimi bo'yicha o'rtacha oylik ish haqi o'qish davri mobaynida saqlab qolinadi.

Bosh prokuratura Akademiyasi magistratura tinglovchilarini turar-joy bilan ta'minlash nazarda tutilmagan.
Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga nomzodlarning yoshi bo'yicha cheklovlar o'rnatilmagan.
Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish uchun topshirilishi lozim bo'lgan hujjatlar va ularni topshirish tartibi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 23.08.2019 yildagi 217-son buyrug'i bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan 30.08.2019 yilda 3179-raqam bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan “O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi Nizomda batafsil yoritilgan.

Mazkur Nizomga ko'ra, magistraturaga o'qishga qabul qilish uchun nomzodlar tomonidan Akademiya qabul komissiyasi raisi nomiga ariza topshiriladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • so'rovnoma;
  • tarjimai hol;
  • pasport yoki uning o'rnini bosuvchi hujjat nusxasi;
  • 3,5 x 4,5 sm o'lchamli 4 dona rangli fotosurat;
  • oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom (ilovasi bilan) yoki diplomdan ko'chirma (O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarini davlat granti bo'yicha o'qib tugatganlar uchun);
  • chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi belgilangan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatlarning asl nusxasi (mavjud bo'lganda);
  • ichki nomzod uchun, bundan tashqari, bevosita rahbari tomonidan yozilgan tavsiyanoma.

Mazkur bandda qayd etilgan hujjatlar ariza bilan birga nomzod tomonidan Akademiya qabul komissiyasi a'zosi – tegishli prokuratura organlarining kadrlar tarmoqlariga topshiriladi.

Akademiya qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda nomzodlar tomonidan hujjatlar elektron shaklda Internet xalqaro axborot tarmog'i orqali ham taqdim etilishi mumkin.

Nomzodlar ma'lumoti, chet tilini bilish darajasi, ish tajribasi va kasb malakasiga oid qo'shimcha ma'lumotlarni taqdim etishlari mumkin.

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida 2020/2021 o'quv yilidan boshlab hujjatlarni onlayn tarzda qabul qilish bo'yicha dastur ishga tushiriladi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 23.08.2019 yildagi 217-son buyrug'i bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan 30.08.2019 yilda 3179-raqam bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan “O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi Nizomga ko'ra, tasdiqlangan kvotalar doirasida kirish imtihonlarida eng yuqori ball to'plagan tashqi nomzodlar davlat grantlari bo'yicha birinchi navbatda, qolganlar reyting ballari asosida to'lov-kontrakt asosida magistraturaga o'qishga qabul qilinadi.
To'lov-kontrakt asosida o'qitishning to'lov miqdorini belgilash bir talabani o'qitish bilan bog'liq asoslangan xarajatlar miqdoridan kelib chiqib Akademiya tomonidan amalga oshiriladi.
Nizomning 7-bandiga ko'ra, magistraturaga o'qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o'rtacha oylik ish haqi o'qish davri mobaynida saqlab qolinadi.
Tasdiqlangan kvotaga ko'ra, prokuratura organlari xodimlari magistraturaga faqatgina davlat granti asosida qabul qilinadi.

 

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kvotadan tashqari tinglovchilarni qabul qilish nazarda tutilmagan.

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2018 yildagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5438-son Farmoniga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda Akademiya magistraturasiga qabul qilish kvotalarini belgilaydi.

Shunga ko'ra, 2019/2020 o'quv yili uchun Bosh prokuratura tomonidan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda jami 30 ta kvota belgilangan bo'lib, bunda “prokurorlik faoliyati”, “korrupsiyaga qarshi kurashish” va “tergov faoliyati” mutaxassisligining har biri bo'yicha 10 tadan kvota belgilangan.

Bunda, har bir mutaxassislik bo'yicha 10 ta kvotadan 5 tasi prokuratura organlari xodimlari uchun va qolgan 5 tasi tashqaridan nomzodlar uchun belgilangan.