Ilmiy faoliyat

Ilmiy faoliyat

Davra suhbatlari, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar materiallari – o'tkazilgan tadbirlarning xulosalari, o'qilgan ma'ruzalar matnlari,  ilmiy maqolalar, tavsiya va qarorlarni o'zida ifodalaydigan  davriy bo'lmagan to'plam.
 

Risola – ijtimoiy-siyosiy yoki ilmiy-ommabop tusdagi uncha katta bo'lmagan kitob nashri. Uning hajmi odatda 50 varaq yoki 3 bosma taboqdan ko'p bo'lmagan, yumshoq muqovaga ega bo'lgan shaklda chop etiladi.

Monografiya – bir yoki bir necha mualliflar tomonidan muayyan muammo yoki mavzuni to'liq va batafsil tadqiq etishga bag'ishlangan ilmiy yoki ilmiy-ommabop nashr. Monografiya kitob shaklida chop etiladi. Monografiyani chop etishdan maqsad amalga oshirilgan ilmiy va amaliy ishlarning natijalarini umumlashtirish hisoblanadi. Monografiyada muayyan masala yuzasidan tegishli adabiyotlar tahlil etiladi va umumlashtiriladi, fanni rivojlantirishga yo'naltirilgan yangi g'oyalar va gipotezalar ilgari suriladi. Doktorlik dissertatsiyalari doirasida amalga oshirilgan tadqiqotlarning muayyan qismi monografiya ko'rinishida ilmiy jamoatchilikka taqdim etilishi mumkin.
 

 Monografiyaning tuzilishi quyidagilardan iborat bo'lishi tavsiya etiladi:

  • muqova;
  • titul varag'i;
  • titul varag'ining orqa tomoni;
  • kirish;
  • asosiy qism;
  • adabiyotlar ro'yxati;
  • ilova.
Monografiyaning hajmi 12,0 bosma taboqdan kam bo'lmasligi kerak.

Monografiyani  ko'rib chiqish, tasdiqlash va chop etishga tavsiya etish OUYU Ilmiy-uslubiy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Kengashda ko'rib chiqish uchun monografiya qo'lyozmasi bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

  • ilmiy nashrning prospekt rejasi (namuna ilova qilinadi);
  • monografiyani nashr etishga tavsiya etish to'g'risidagi tegishli kafedraning majlis bayonnomasidan ko'chirma;
  • ichki va tashqi taqriz, Ilmiy-uslubiy Kengash tomonidan belgilangan ekspert xulosasi.

Ilmiy-uslubiy Kengash birinchi navbatda fan doktori ilmiy darajasini olish bilan bog'liq monografiyalarni ko'rib chiqadi va chop etishga tavsiya etadi.

Ichki va tashqi taqrizchi, ekspertlar tomonidan ijobiy baholangan va Kengash muhokamasida chop etishga tavsiya etilganligi haqida Kengash majlisi bayonnomasidan ko'chirma taqdim etiladi.

Ilmiy maqola – muayyan ilmiy mavzu yuzasidan yaxlit, tugallangan, mantiqiy izchillikda tayyorlangan asar. Maqola odatda 8-10 varaqdan iborat bo'ladi.
 
Xalqaro standart raqam (ISBN International Standard Book umber) – kitoblarni savdo tarmoqlarida tarqatish  va nashr bilan bog'liq ishlarni avtomatlashtirish uchun zarur bo'lgan kitob nashrining unikal raqami. ISBN raqami har bir kitobni alohida aniqlash imkonini beradi. Mazkur raqam asosida kitobning shtrix kodi yaratiladi.
 

Xalqaro standart seriya raqami (ISSN) – mazkur raqam bloklari ISSN Xalqaro markazi tomonidan o'rnatiladi va taqsimlanadi. Mazkur raqamlar seriyali tarzda chop etiladigan nashrlarga beriladi.

ISBN va ISSN mavjudligi nashriyotchilar, kitob bilan savdo qiluvchilar, kutubxonachilar, ilmiy xodimlarga O'zbekiston va uning tashqarisida nashrlarni qiyinchiliksiz tarqatish, mamlakatimiz va xorijiy avtomatlashtirilgan tizimlarda nashrlar haqidagi axborotni qidirib topish imkonini beradi.

Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida kitob va jurnallarni interfaol shaklda standart raqamlash xalqaro tizimida ISBN hamda ISSN raqamlarini ro'yxatdan o'tkazish va olishga yordam beradigan xizmat tashkil qilingan. Xizmatdan kutubxonaning natlib.uz rasmiy saytidagi "ISBN & ISSN" bo'limida foydalanish mumkin.

 
  • Kutubxona – bibliografik klassifikatori (BBK yoki KBK);
  • universal o'nlik tasniflash indeksi klassifikatsiyasi (UDK).

Mazkur indekslar nashrlarni (kitobni) kutubxona va axborot resurs markazlarida bilimlarning qaysi yo'nalish va sohasiga tegishli ekanligini qisqa va aniq belgilab beradi.

Qoida tariqasida ushbu indekslar kutubxona va axborot resurs markazlari tomonidan BBK va UDK larning tegishli jadvallari asosida belgilab beriladi. Klassifikatsion indekslar titul varag'ining orqa tomoni yuqori burchagida alohida qatorlarda qo'yiladi.

Masalan:

UDK    633 (571.1)

BBK    41/42 (2R53)

 

Mualliflik belgisi – mualliflik belgisi o'zida muallifning familiyasini yoki nashrning birinchi bosh harflarini ko'rsatuvchi shartli harfni ifodalaydi. U muallif familiyasining birinchi harflaridan (agar asarda uchtadan ko'p muallif bo'lmasi birinchi muallifning) yoki sarlavhaning dastlabki so'zlarining birinchi harfidan (agar mualliflar uchtadan ko'p bo'lsa yoki muallif bo'lmasa), sarlavha va mazkur familiyaning bosh harflariga mos ravishdagi miqdordan iborat bo'ladi. Mualliflik belgisi L.B. Xavkinning mualliflik jadvali bo'yicha belgilanadi.

Mualliflik belgisi klassifikatsion indekslardagi abbreviaturalarsiz titul varag'ining orqa tomoni yuqori burchagida klassifikatsion indekslardan keyin shrifti bilan bir xil darajada beriladi.

Masalan:

UDK    633 (571.1)

BBK    41/42 (2R53)

S781

 

Mualliflik huquqini himoyalovchi belgi – mualliflik huquqini himoyalovchi belgi barcha turdagi nashrlar titulining orqa tomoni o'ng pastki burchagida joylashadi. Mazkur belgi O'zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida”gi qonuni bilan jismoniy va yuridik shaxslarning nashrga bo'lgan intellektual mulki va mualliflik huquqlari himoya qilinishini anglatadi. Mualliflik huquqini himoyalovchi belgi asar yoki nashrning boshqa qismini mualliflik huquqi bilan himoya qilinganini ko'rsatadi.

Lotin harfi “S” aylana shakl bilan o'raladi ©, shuningdek, mualliflik huquqi egasining nomi va nashr qilingan yil ko'rsatiladi.

Masalan: 

© M.M.Mamasiddiqov, 2019 y.

© Bosh prokuratura Akademiyasi, 2019 y.