Qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kursi

Qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kursi

Andijon va Namangan viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.Saidov onlayn videomurojaat yo‘llab, o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalariga to‘xtaldi.  

O‘quv kursi dasturi doirasida bir qator dolzarb mavzularda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Xususan, “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Migrantlar va apatridlarga nisbatan qiynoqqa qarshi kurashishning xorij tajribasi”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga oid Fakultativ protokol”, Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzularidagi mashg‘ulotlar o‘rin olgan.

O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Mashg‘ulotlarda viloyat prokuraturalaridan 20 nafar va ichki ishlar organlaridan 100 nafar xodim tinglovchilar qatnashdilar.

Kurs yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.