O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida "Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi bo‘yicha muqobil ta’sir choralarini qo‘llash hamda jinoiy odil sudlovni ta’minlash (yuvenal yustitsiya)" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarga zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha prokuror-tergov sohasi kadrlarining xabardorligi va kasbiy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Seminarda Bosh prokuratura, Akademiya, IIV Tergov departamenti, shuningdek, onlayn shaklda tuman va shahar prokuraturalari tergovchilari va boshqa xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Djoffri Ijumba so‘zga chiqib, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi bo‘yicha muqobil ta’sir choralarini qo‘llashga qaratilgan tiklash amaliyoti va choralarini qo‘llashning samaradorligi va ahamiyatini, shuningdek, bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’kidladi.
Seminarning doirasida xalqaro mutaxassis, BMTning Bolalar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renate Vinterning ma’ruza qilib, yuvenal yustitsiya sohasidagi xalqaro tajriba va standartlar bilan o‘rtoqlashdi.
Yakuniy sessiya "savol-javob" formatida o‘tkazilib, ishtirokchilarga voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi bo‘yicha muqobil ta’sir choralarini qo‘llash hamda jinoiy odil sudlovni ta’minlash masalalari, shu jumladan, qo‘llanilayotgan choralarning samaradorligi va barqarorligi hamda ularning xalqaro standartlarga muvofiqligi bo‘yicha atroflicha fikr almashish imkonini berdi.