O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalarning ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamolligini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish maqsadida Talabalar Kengashi raisi (Prezidenti) saylovi o‘tkazilishi belgilangan.
Saylov Akademiya nizomiga muvofiq, 2025-yil oktyabr oyining oxirgi juma kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha Akademiya hududida bo‘lib o‘tadi.
Kengash raisligiga nomzodlar Akademiyaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi bilan kelishilgan holda tavsiya qilinadi. Nomzodlar 2 kun davomida suhbatdan o‘tkaziladi va unda muvaffaqiyat qozongan talaba-yoshlar saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar. Nomzodlardan liderlik qobiliyati, notiqlik mahorati, tashabbuskorlik va jamoa bilan ishlash tajribasi talab etiladi. Shuningdek, ular yoshlarga oid davlat siyosati va islohotlar mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘lishi shart.
Saylovoldi tashviqoti uchun nomzodlarga yetti kun muddat beriladi. Bu davr mobaynida ular o‘z dasturlari bilan talabalarni tanishtiradi, ochiq muloqotlar va debatlarda ishtirok etadi. Saylov kunidan bir kun oldin tashviqot jarayonlari to‘xtatiladi.
Saylov umumiy, teng va yopiq ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod Talabalar Kengashi raisi etib saylanadi hamda Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Saylangan rais bir yil davomida o‘z faoliyatini olib boradi. U talabalar manfaatlarini ifoda etish, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun keng ko‘lamli vazifalarni bajaradi
Saylov jarayoni ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida tashkil etiladi. Akademiyaning ijtimoiy tarmoqlari orqali tayyorgarlik jarayoni, tashviqot ishlari va ovoz berishning borishi haqida doimiy ravishda axborot berib boriladi.
Ushbu saylov Akademiya talabalari uchun o‘z iqtidor va salohiyatini namoyish etish, liderlik va tashabbuskorlik qobiliyatini rivojlantirish, shuningdek, talabalar manfaatlarini samarali himoya qilish uchun muhim qadam hisoblanadi.