Akademiya xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha mutaxassis lavozimiga tanlov e’lon qiladi (shartnoma asosida vaqtinchalik ish)

Akademiya xorijiy tillarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha mutaxassis lavozimiga tanlov e’lon qiladi (shartnoma asosida vaqtinchalik ish)

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim sifatini oshirish, xorijiy tillarni o‘qitish samaradorligini yuksaltirish, ingliz tili ta’limiga ilg‘or va samarali yondashuvlarni tatbiq etish hamda CELTA tizimi asosidagi zamonaviy o‘qitish usullarini o‘quv jarayoniga joriy etish maqsadida xorijiy til metodistikasi sohasidagi mutaxassisni Akademiya faoliyatiga vaqtinchalik asosda jalb etish zarurati mavjud.

Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ma’qullangan taqdirda, u bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik-huquqiy shartnoma imzolanadi.

Mutaxassis quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

Akademiyada xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etilishini ta’minlaydi.

Dars tuzilishi, o‘qitish usullari, o‘qituvchi va tinglovchilar o‘rtasidagi hamkorlik hamda o‘quvchilar faolligini tahlil qiladi.

Ingliz tili ta’limiga ilg‘or xorijiy tajriba va CELTA tizimi asosidagi samarali o‘qitish usullarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi va amaliyotga tatbiq etadi.

Dars jarayonida talaba va tinglovchilarning darajasi, ehtiyoji va kasbiy yo‘nalishidan kelib chiqib, mos o‘qitish usul va vositalarini ishlab chiqadi.

Ingliz tili bo‘yicha mashg‘ulotlar samaradorligini tahlil qiladi, baholaydi hamda o‘quv jarayonini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar beradi.

Kafedra o‘qituvchilari uchun ingliz tilini o‘qitishda yangi yondashuvlar, interaktiv metodlar va zamonaviy dars tashkil etish shakllari bo‘yicha metodik ko‘mak ko‘rsatadi.

Akademiya xodimlari uchun ichki treninglar va seminarlar tashkil etadi.

Akademiya rahbariyatining topshiriqlarini belgilangan muddatlarda sifatli bajaradi.

Nomzod oliy yoki tugallanmagan oliy, shuningdek o‘rta yoki o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Nomzodning yoshi 18 yoshdan kichik va 50 yoshdan katta bo‘lmasligi kerak. U ingliz tilini o‘qitish sohasida qo‘llaniladigan zamonaviy texnik vositalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli ta’lim platformalari va dasturiy mahsulotlar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi talab etiladi.

Ish faoliyati prokuratura organlari tizimida olib borilishi munosabati bilan mutaxassis sifatida jalb etilgan shaxs prokuratura organlarida o‘rnatilgan axloq talablariga qat’iy amal qilishi shart.

Mazkur ish muddati 2 oy etib belgilangan. Bajarilgan ish uchun to‘lov miqdori taraflar kelishuvi asosida belgilanadi va mutaxassisga u bajargan ishlar natijalari bo‘yicha xizmatlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolanganidan so‘ng har oyda to‘lab boriladi.

Nomzoddan mas’uliyat va professionalizm, tashabbuskorlik, jamoa bilan hamjihat ishlash hamda berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish talab etiladi.

Ish vaqti haftasiga 5 kun, har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha, 40 soatlik ish haftasi hisoblanadi.

Mutaxassis o‘z faoliyatini bevosita Akademiyada amalga oshiradi. Alohida hollarda, taraflar kelishuviga ko‘ra, ayrim ishlar masofadan turib bajarilishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Talabgor Akademiya Til o‘rgatish kafedrasiga fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi bilan shaxsan murojaat qilib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat, obyektivka, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (diplom va uning ilovasi), sertifikatlar nusxalari, mehnat daftarchasi ko‘chirmasi, STIR hamda PINFL ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim.

Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng, zaruratga ko‘ra nomzod bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.

Hujjatlar 2026-yil 4-aprel kuniga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Manzil: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Rixsili ko‘chasi, 9-uy (mo‘ljal: sobiq «Zenit» zavodi).

Hujjatlar dushanba-juma kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha qabul qilinadi.

Murojaat uchun telefon: 71-202-04-96 (1763).

Telegram Facebook