O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini fanlararo yondashuv asosida takomillashtirish, shuningdek, huquqni muhofaza qilish sohasi xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning roliga qaratildi.
Ta’kidlanganidek, zamonaviy huquqni muhofaza qilish faoliyati xodimlardan nafaqat huquqiy vositalarni professional darajada qo‘llay olishni, balki rivojlangan tahliliy tafakkur, yuksak huquqiy madaniyat, axloqiy barqarorlik, kommunikativ kompetentlik hamda ijtimoiy jarayonlarni chuqur anglash qobiliyatini ham talab etadi.
Qozog‘iston Akademiyasi vakillari Huquqni muhofaza qilish akademiyasining ta’lim infratuzilmasi, o‘quv jarayoni uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ilmiy-tadqiqot salohiyati hamda kadrlar tayyorlashning amaliyotga yo‘naltirilgan elementlari bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, qo‘shma ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, tajriba almashish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash sohasida professional hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.