Xorijiy fuqarolar ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar
Xorijiy fuqarolar zamonaviy ta’lim kompusida ilg‘or axborot-kommunikatsion texnologiyalar asosida jihozlangan auditoriyalarda yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan olib boriladigan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadilar.
Xorijiy fuqarolar ta’lim olish jarayonida quyidagi imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin:
o‘quv jarayonida interaktiv ta’lim xizmatlaridan foydalanish, shu jumladan yotoqxonaga joylashish, axborot-resurslardan va sport majmualari imkoniyatlaridan foydalanish;
klublar va qo‘shimcha o‘quv kurslari, intellektual o‘yinlar, musobaqa va ko‘rik-tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlarida ishtirok etish;
tarixiy obidalar, madaniyat maskanlari va muzeylarga tashriflar, teatr va kinolarga borish;
xorijlik va mahalliy olimlar, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokidagi seminar-trening mashg‘ulotlari, respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va forumlarda qatnashish;
xalqaro hamkorlik doirasida ijtimoiy loyihalar va grantlar, huquqni muhofaza qilish faoliyatiga oid xalqaro dasturlarda ishtirok etish.
Ta’lim jarayoniga huquqni muhofaza qilish faoliyati bo‘yicha ko‘p yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan soha mutaxassislari va olimlar jalb qilingan bo‘lib, mutaxassislik modullari bo‘yicha amaliy dars mashg‘ulotlari immitatsiya xonalari va laboratoriyalarda o‘tkaziladi.
Talabalarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar doirasida dastlabki tergov va surishtiruv organlari hamda ekspertiza muassasalarida qo‘shma-amaliy, sayyor va ko‘rgazmali mashg‘ulotlar olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Xorijiy fuqarolar uchun ta’lim dasturlari:
“Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kunduzgi ta’lim shaklida 4-yillik ta’lim dasturi bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida, masofaviy ta’lim shaklida 5-yillik ta’lim dasturi bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida;
“Kiberhuquq” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kunduzgi ta’lim shaklida 4-yillik ta’lim dasturi bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida.
Xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish shartlari:
Milliy qonunchilikka ko‘ra, mamlakatimizda yashash guvohnomasiga yoki investitsiya vizasiga ega bo‘lgan xorijiy investorlar hamda ularning oila a’zolari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda o‘qishga kirish va ta’lim olishga haqlidir.
Talabalar o‘qishi qonun hujjatlarida xorijiy fuqarolar uchun nazarda tutilgan to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqarolarni o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish tartibi:
Xorijiy fuqarolar o‘qishga kirish uchun Akademiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
o‘qishga qabul qilish haqida ariza;
o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;
sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.
hujjatlarni topshirish muddati: 3-avgustdan 3-sentyabrgacha.
Xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish uchun
suhbat o‘tkazish tartibi
Xorijiy fuqarolar Akademiyaning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish bo‘yicha o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadilar.
Suhbat yo‘nalishlari:
talabgorlarning dunyoqarashi (hozirgi kunda dunyoda ro‘y berayotgan asosiy va muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan umumiy xabardorligi);
kasbiy ishtiyoqi va motivatsiyalari (yurist kasbining mohiyati va mazmuni, uning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, yuristning kasbiy faoliyat sohalari, ushbu kasbning qiyinchiliklari to‘g‘risida tasavvurga egalik, yurist kasbini tanlashga undagan sabablar);
umumiy intellektual darajasi (o‘z fikrini aniq-ravshan, mantiqiy va ijodiy bayon qila olish hamda o‘z fikrini asoslantira olish qobiliyati);
ma’naviy-axloqiy darajasi (qat’iy ma’naviy-axloqiy prinsiplarga ega bo‘lish, muloqot etikasi va tashqi ko‘rinish madaniyatiga rioya etishi) aniqlash nuqtayi nazaridan o‘tkaziladi.
Suhbat o‘tkaziladigan til: o‘zbek, rus va ingliz tillari.
Suhbat o‘tkaziladigan joy: Akademiya binosida o‘tkaziladi;
abituriyentlar imtihonga (suhbatga) fuqarlik pasporti yoki ID karta bilan kelishlari lozim.
Suhbat o‘tkaziladigan sana: 5-15-sentyabr kunlari.
Suhbat natijalarini baholash: uning bevosita yoki masofaviy (onlayn) tarzda o‘tkazilishidan qat’i nazar ballar qo‘yish yo‘li bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Har bir mezon bo‘yicha ballarning eng yuqori miqdori 25 ballni tashkil etadi.
Talabgor jadval bo‘yicha suhbatga kelmagan hollarda 0 ball qo‘yiladi.
Talabgor 56 ball va undan yuqori ball to‘plaganda suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
Xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish:
Suhbat natijalariga ko‘ra talabgorlar Akademiya boshlig‘ining buyrug‘iga muvofiq Akademiya bakalavriatiga o‘qishga qabul qilinadi
O‘qish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar.
O‘qishga qabul qilingan xorijiy fuqarolar belgilangan tartibda talabalik guvohnomasi bilan ta’minlanadi.
O‘qishni tugatgandan keyin xorijiy fuqarolarga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi belgilangan namunadagi diplom beriladi.
Natijalarni e’lon qilinishi: 25-sentyabr
Darslarda ishtirok etishni boshlash: 3-oktyabr
Kontrakt to‘lovlari:
to‘lov-kontrakt miqdori: shartnomaga asosan belgilanadi.
to‘lov muddati: 31-oktyabr