Dissertatsiya tadqiqotida zamonaviy talablarga javob beradigan adabiyotlardan foydalanish tavsiya etiladi. Dissertatsiyada foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati, izlanuvchining xohishiga ko'ra, alifbo, sistematik yoki matnda havola qilinishi ketma-ketligi tarzida keltiriladi. Foydalanilmagan va havola qilinmagan adabiyotlarni ro'yxatga kiritish taqiqlanadi.
Dissertatsiyada foydalanilgan materiallarning manbasi, ularning muallifi va nomi to'liq ko'rsatilishi, shuningdek hammualliflarning g'oya yoki ishlanmalaridan foydalanilgan taqdirda, dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida bu haqda qayd etilishi shart.
Izlanuvchi hammualliflikda yaratilgan (yozilgan) ilmiy ishidagi faqat o'zining hissasini dissertatsiyasiga kiritishi mumkin.
O'zganing materialidan uning muallifi va manbasini ko'rsatmasdan foydalanilgan hollarda dissertatsiya u qaysi bosqichda ko'rilayotgan bo'lishidan qat'i nazar muhokamadan olib tashlanadi va talabgor ushbu mavzu bo'yicha dissertatsiyani qayta himoya qilish huquqidan mahrum etiladi.