Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish uchun topshirilishi lozim bo'lgan hujjatlar va ularni topshirish tartibi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 23.08.2019 yildagi 217-son buyrug'i bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan 30.08.2019 yilda 3179-raqam bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan “O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risida”gi Nizomda batafsil yoritilgan.
Mazkur Nizomga ko'ra, magistraturaga o'qishga qabul qilish uchun nomzodlar tomonidan Akademiya qabul komissiyasi raisi nomiga ariza topshiriladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- so'rovnoma;
- tarjimai hol;
- pasport yoki uning o'rnini bosuvchi hujjat nusxasi;
- 3,5 x 4,5 sm o'lchamli 4 dona rangli fotosurat;
- oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom (ilovasi bilan) yoki diplomdan ko'chirma (O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarini davlat granti bo'yicha o'qib tugatganlar uchun);
- chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi belgilangan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatlarning asl nusxasi (mavjud bo'lganda);
- ichki nomzod uchun, bundan tashqari, bevosita rahbari tomonidan yozilgan tavsiyanoma.
Mazkur bandda qayd etilgan hujjatlar ariza bilan birga nomzod tomonidan Akademiya qabul komissiyasi a'zosi – tegishli prokuratura organlarining kadrlar tarmoqlariga topshiriladi.
Akademiya qabul komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda nomzodlar tomonidan hujjatlar elektron shaklda Internet xalqaro axborot tarmog'i orqali ham taqdim etilishi mumkin.
Nomzodlar ma'lumoti, chet tilini bilish darajasi, ish tajribasi va kasb malakasiga oid qo'shimcha ma'lumotlarni taqdim etishlari mumkin.
Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida 2020/2021 o'quv yilidan boshlab hujjatlarni onlayn tarzda qabul qilish bo'yicha dastur ishga tushiriladi.